«Milan» va Italiya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Fabio Kapello «rossoneri»ning pasayishi ruhiy omillar bilan bog‘liq deb hisoblaydi.
«Milan» A Seriyadagi so‘nggi oltita o‘yinda faqat bitta g‘alabaga erishdi. O‘tgan yakshanba kuni Massimiliano Allegri jamoasi «Atalanta»ga imkoniyatni boy berdi (2:3).
«Haqiqat shundaki, so‘nggi to‘rtta o‘yinda ular kurashmadi, g‘alaba uchun kerak bo‘lgan ishtiyoq yoki qat’iyatni ko‘rsatishmadi. Natijalar esa ko‘z o‘ngimizda. Bu meni hayron qoldirmayapti. Men ba’zi futbolchilarning bahslashayotganini, boshqalari to‘pni yo‘qotib, bunga befarq qarayotganini ko‘rdim. Ayrimlari jamoaga yordam berishga intilmayapti va himoyada ishlashni xohlamayapti.
Men jamoaning vertikal futbol o‘ynashini afzal ko‘rgan bo‘lardim. Eng avvalo, «Milan»ni «Atalanta»ga qarshi o‘yinning so‘nggi yarim soatidagidek — ishtiyoq va g‘ayratga to‘la holda ko‘rishimiz kerak. Agar «rossoneri» shu ruhda davom etsa, natijalar uzoq kuttirmaydi, lekin faqat hushtakbozlikka reaksiya sifatida emas, balki barcha 90 daqiqa davomida ishlash lozim. Maydondagi futbolchilar tarqoq ko‘rinmoqda. Allegri kiyinish xonasida nimadir deyishi aniq», — dedi Kapello La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida.













