O‘zbekiston kubogi 2-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “So‘g‘diyona” uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev matbuot anjumanida ishtirok etdi
“Ob-havo sharoitidan kelib chiqsak qiyin o‘yin o‘tkazdik degan bo‘lardim. Muhimi birinchi golni urib oldik. "Mash’al" ustunlik qilishga, vaziyatlar yaratishga harakat qildi. Darvozamiz oldida keskinlik yarata oldi. Biz esa ikkinchi to‘pni kiritishga muvaffaq bo‘ldik. Tanaffusga qulay hisobda yo‘l oldik. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Raqib qarshi hujumlarda jazolashga urindi, shu bois o‘yin oxiri asabiy kechdi degan xulosa bor. "So‘g‘diyona" jamoasini, futbolchilarimni g‘alaba bilan tabriklayman. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz.
— O‘zingizga ko‘rsatilgan sariq kartochka borasida fikringiz qanday?
— Futbolda hissiyotlar shunday junbushga keladi. Bu vaziyatda to‘qnashuv bo‘ldi.
— Turli jamoalar boshqaruvida "Mash’al"ga qarshi futbolchilarni boshlab tushgansiz. O‘yinchilik vaqtingizda ham to‘qnash kelgansiz. Chetdan qaraganda "Mash’al"ning bunday inqirozga tushib qolishiga nima sabab deb o‘ylaysiz?
— Avvalo boshqa jamoalardagi vaziyatni muhokama qilishga haqqim yo‘q. Bu etikaga ham to‘g‘ri kelmaydi. Boz ustiga matbuot anjumanida. Lekin fikrimcha "Mash’al" futbolchilarida ruhiy jihatdan inqiroz kuzatilyapti. Ko‘rinib turibdi, to‘pni nazorat qilishmoqda, zarbalar, qarshi hujumlar hammasi bor. Faqat ruhiyat yetishmayapti. Ketma-ket mag‘lubiyatlar albatta bosim yuklaydi. Bu professional fikrim. Ammo jamoa ichida nima bo‘layotganini bilmayman.
— "Mash’al" uy uchrashuvlarini G‘uzorda o‘tkazmoqda. Bugungi uchrashuvda maydon sifatiga qanday baho berasiz? Maydon Superligani qabul qila oladimi?
— Bu haqda futbolimiz mutasaddilariga yuzlanish kerak. Kim ruxsat berish yoki bermasligini biz hal qilmaymiz», - dedi Baqoyev.













