«Manchester Yunayted» futbolchisi Brunu Fernandesh joriy mavsumdagi sermahsulligi evaziga APL tarixidan joy oldi. Premyer-liganing 37-turidan o‘rin olgan «Nottingem Forest»ga qarshi bahsda portugaliyalik yarim himoyachi navbatdagi golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi, bu u uchun joriy mavsumdagi 20-assist bo‘ldi.
Shu tariqa, futbolchi APLda bir mavsumda golli uzatma berish bo‘yicha eng yaxshi natijani takrorladi. Bungacha faqat Tyerri Anri va Kevin De Bryoynegina shunday ko‘rsatkichga erisha olgan edi.
Brunu «Manchester Yunayted» sharafini 2020 yildan beri himoya qilib keladi. U klub safida jami 326 ta uchrashuvda maydonga tushib, 106 ta gol urdi va 108 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining «qizil iblislar» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilgacha mo‘ljallangan.













