"Surxon" bosh murabbiyi Anvar G‘ofurov O‘zbekiston kubogining 2-turi doirasida "Paxtakor"ga qarshi bo‘lib o‘tgan o‘yin borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
— Uchrashuv haqida fikrlaringiz?
— Biz bugungi uchrashuv oson bo‘lmasligini oldindan bilardik. Biz uchun ochko olish juda muhim edi, chunki kubokdagi yurishimizni davom ettirishni maqsad qilgandik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik va o‘yinga jiddiy e’tibor qaratdik.
Futbol — bu shunday o‘yin: raqib ba’zan sizdan yaxshiroq o‘yin namoyish etishi mumkin. Bugun ham «Paxtakor» ayrim vaziyatlarda bizdan yaxshiroq harakat qildi. Ammo biz, avvalo, natija uchun maydonga tushdik. Ayniqsa, birinchi bo‘limda gol urganimizdan keyin bu yaqqol sezildi.
«Paxtakor» jamoasiga keyingi o‘yinlarda omad tilayman. Tarkibi kuchli, tajribali murabbiyga ega va yuqori saviyadagi jamoa hisoblanadi. Lekin futbolning go‘zalligi ham shunda — kimdir g‘alaba qozonadi, kimdir esa mag‘lub bo‘ladi.
— “Surxon” jamoasining kubok o‘yinlaridagi istiqbolli rejalari haqida gapirib bersangiz?
— Biz har bir uchrashuvga, xoh o‘rtoqlik bahsi bo‘lsin, xoh chempionat yoki kubok o‘yini bo‘lsin, faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz. Maqsadimiz ham, niyatimiz ham shu. Har bir o‘yinda muxlislarni xursand qilish va jamoamizni yanada yuqori bosqichlarga olib chiqishni istaymiz.
Uchrashuv aslida Termizda bo‘lishi kerak edi. Ammo maydon maysasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga keldi. Sizningcha, muammo nimada — noto‘g‘ri parvarishmi yoki uchrashuvlarni ertaroq o‘tkazishga ruxsat berilganidami?
— Bu borada turli fikrlar bo‘lishi mumkin. Yakuniy qaror rahbariyat tomonidan qabul qilindi. Menimcha, o‘z maydonimizga avvalo o‘zimiz mehr berishimiz kerak. Agar biz e’tibor qilmasak, boshqalardan kutish qiyin. Hozirgi kichik tanaffus davomida maydon holatini yanada yaxshilash ustida ish olib boriladi va tez orada u avvalgi yaxshi holatiga qaytadi, degan umiddaman.
— Potapov va Xodjaniyozov jamoani tark etdi degan mish-mishlar yuribdi. Bunga qanday izoh berasiz?
— Ha, ular jamoani tark etishdi. Bu o‘z qarorlari bo‘ldi. Qanday sabablar bunga turtki bo‘lganini aniq bilmayman, chunki mening asosiy vazifam jamoani tayyorlash. Agar kelajakda yana qaytishni istashsa, bunga qarshi emasmiz. Hozircha ular shunday qaror qabul qilishdi. Lekin bizda yetarlicha futbolchilar bor va men jamoamdagi har bir futbolchiga ishonaman.
— Terma jamoamiz sizning jamoangizga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Sizningcha, jamoa va Kannavaro qanday taassurot qoldirdi?
— Albatta, ular o‘z rejalarini amalga oshirishga harakat qilishdi. Balki o‘yin ular kutgandek kechmagandir, bu mening shaxsiy fikrim. Lekin bir narsani tan olish kerak — terma jamoaga eng kuchli futbolchilar chaqiriladi. Hech bir futbolchi bekordan-bekorga u yerda bo‘lmaydi.
Shunday o‘rtoqlik uchrashuvlari orqali futbolchilar o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatishga, tajriba orttirishga va Jahon chempionatiga chiqish yo‘lida yanada kuchliroq bo‘lishga harakat qilishadi. Shu sababli biz uchun ham oson bo‘lmadi. Kuni kecha «Neftchi» jamoasi ham o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va ularga ham qiyin bo‘lgani aniq.
— Yetakchi klublarga qarshi o‘yinlarda Chinedu ko‘proq zaxirada qolmoqda. Bu nima bilan bog‘liq?
— Bu, albatta, jamoaning taktika va rejalariga bog‘liq. Futbolda B rejasiz natijaga erishish qiyin. Ba’zan zaxiradagi rejalarimiz o‘zini oqlaydi, ba’zan esa aksincha bo‘lishi mumkin. Lekin har doim muqobil variantlar bo‘lishi kerak.
O‘tgan o‘yinda ham, bugungi uchrashuvda ham Farrux Qodirov yaxshi o‘yin namoyish etdi. Har bir futbolchi o‘zini ko‘rsata olsa, bu biz uchun quvonarli holat. Shaxsan men bundan xursand bo‘laman. Bizning vazifamiz — futbolchilarni yanada kuchliroq qilish. Natijada esa jamoa ham muvaffaqiyatga erishadi, deb o‘ylayman.













