Angliya Premyer-ligasida yana xorijlik mutaxassis chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.
Bugun «Arsenal»ni boshqarayotgan ispaniyalik Mikel Arteta o‘z faoliyatida ilk bor APL g‘olibiga aylandi.
E’tiborli jihati shundaki, Premyer-liga tashkil etilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida birorta ham angliyalik bosh murabbiy chempionlik unvonini qo‘lga kirita olmagan. Musobaqa tarixidagi bosh sovrinlarning 13 tasi shotlandiyalik ser Aleks Fergyusonga, 6 tasi ispaniyalik Pep Gvardiolaga, 3 tadan kubok esa portugaliyalik Joze Mourinyo hamda fransiyalik Arsen Vengerga tegishlidir. Shuningdek, turli yillarda italiyalik Karlo Anchelotti, Antonio Konte, Roberto Manchini va Klaudio Ranyeri, chililik Manuel Pellegrini, shotlandiyalik Kenni Dalglish, germaniyalik Yurgen Klopp hamda niderlandiyalik Arne Slotlar ham APLda zafar quchishgan.
Oxirgi marta angliyalik mutaxassis mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan voqelik 1991/92 yilgi mavsumga to‘g‘ri keladi — bu Premyer-liga tashkil etilishidan oldingi oxirgi mavsum edi. O‘shanda Govard Uilkinson «Lids Yunayted» klubi bilan chempionlik shohsupasiga chiqqan edi.













