O‘zbekiston futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro O‘zbekiston Superligasining may oyidagi o‘yinlarini to‘xtatib qo‘yishni so‘raganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, liga “etarlicha intensiv emas”. Bu haqda Newshub.uz xabar berdi.
O‘zbekiston Superligasi 4 maydan boshlab terma jamoa jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishi sababli tanaffusga qo‘yilgan. Turnirning qayta tiklanishi 20 iyulga rejalashtirilgan.
“Biz bu yerga kelganimizda, bu muammoni ko‘rdik, chunki liga ba’zida yetarlicha intensiv bo‘lmaydi. Shuning uchun men O‘zbekiston futbol assosiasiyasidan chempionatni to‘xtatib turishni so‘radim, futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash uchun,” — dedi mutaxassis jurnalistlar bilan suhbatda.
Hozirda milliy terma jamoa futbolchilari Toshkentdagi Milliy futbol markazida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqda. Tayyorgarlik 26 maygacha davom etadi.
Kannavaroning so‘zlariga ko‘ra, bir necha mashg‘ulot va bitta o‘rtoqlik uchrashuvidan so‘ng u futbolchilarning “chindan ham qiynalayotgani” va “qiyinchiliklarni his qilayotgani”ni ko‘rgan.
“Lekin yaxshi jihati shuki, ular taslim bo‘lmayapti. Shikoyat qilmayapti. Ular yaxshilanishni xohlashyapti. Lekin yaxshilanish faqat jismoniy tayyorgarlik emas. Men kelganimdan beri ularga eng yaxshi yechimlarni taklif qilishga harakat qilyapman... Biz ularga barchasini berishimiz kerak, shunda ular o‘zlarini yaxshiroq his qilishadi. Bu g‘alaba kaliti bo‘ladimi-yo‘qmi bilmayman, lekin eng kamida eng kuchli terma jamoalar bilan raqobatlashish uchun, agar forma yaxshi bo‘lmasa, yugura olmasang, g‘alaba qozonish imkonsiz,” — dedi murabbiy.
Tayyorgarlikning keyingi bosqichi AQSH va Kanadada o‘tadi. 1 iyun kuni terma jamoa Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyun kuni esa Nyu-Yorkda Niderlandiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
CHM-2026 guruh bosqichida ilk o‘yin 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Futbol bo‘yicha jahon chempionati 2026 doirasida o‘tkaziladi. Ikkinchi uchrashuv 23 iyun kuni Xyustonda Portugaliya terma jamoasiga qarshi bo‘ladi. Guruh bosqichi yakunida 28 iyun kuni Atlantada DR Kongo terma jamoasiga qarshi o‘yin bilan yakunlanadi.













