"Aston Villa" Yevropa ligasi 2025/26 yilgi mavsumining finalida "Frayburg"ni mag‘lub etdi — 3:0. Uchrashuv Istanbuldagi "Tyuprash" stadionida bo‘lib o‘tdi.
Birinchi bo‘limda Yuri Tilemans va Emiliano Buendiya gol urishdi. Ikkinchi bo‘limda esa yagona golga Morgan Rodjers mualliflik qildi. Buendiya va Rodjers hisobida bittadan golli uzatma ham mavjud.
"Aston Villa" o‘z tarixida ilk bor Yevropa ligasida g‘olib chiqdi. Jamoa uchun bu 1982 yildan beri ilk yirik yevrokubok finali edi. O‘shanda klub Yevropa chempionlar kubogi va UYEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.
"Aston Villa" bosh murabbiyi Unai Emeri beshinchi bor Yevropa ligasida zafar quchdi. Bundan avval u ushbu turnirda "Sevilya" (uch marta) va "Vilyarreal" (bir marta) bilan g‘alaba qozongan edi. Emeri uchun bu faoliyatidagi umumiy hisobda oltinchi Yevropa ligasi finali bo‘ldi.
Ushbu mavsumga qadar "Frayburg"ning turnirdagi eng yaxshi natijasi 2022/23 va 2023/24 yilgi mavsumlarda 1/8 finalga chiqish bo‘lgan edi. Shuningdek, jamoa o‘z tarixida ilk bor Yevropa klublar o‘rtasidagi turnir finalida ishtirok etdi.
«FRAYBURG» — «ASTON VILLA» — 0:3
Gollar: Yuri Tilemans 41 (0:1), Emiliano Buendiya 45+3 (0:2), Morgan Rodjers 58 (0:3).
«Frayburg»: Atubolu, Linxart (Rozenfelder, 61), Ginter, Troy, Kyubler (Makengo, 73), Eggeshtayn, Xefler (Xeler, 61), Manzambi, Grifo (Sherxant, 73), Beste (Gyunter, 86), Matanovich.
«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres (Mings, 88), Din (Matsen, 81), Kesh, Lindelef (Onana, 66), Tilemans (Duglas Luis, 88), Rodjers, Buendiya (Sancho, 81), Makginn, Uotkins.
Ogohlantirishlar: Troy (5) — Buendiya (15), Kesh (21), Makginn (84).













