Hujumchi Markus Reshford Angliya terma jamoasining JCH-2026 uchun yakuniy qaydnomasiga kiritilganiga o‘z munosabatini bildirdi.
Angliyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida «storis» joylashtirib, unda Unai Emeri, Xansi Flik, Tomas Tuxel, «Aston Villa», «Barselona» va Angliya terma jamoasini tilga oldi. Biroq u deyarli 20 yil davomida tizimida harakat qilgan «Manchester Yunayted» klubini eslab ham o‘tirmadi.
«Og‘ir damlarda menga ishonganliklari uchun Unai, Xansi, Tomas, «Aston Villa», «Barselona» va Angliya terma jamoasiga alohida minnatdorchilik bildiraman», — deb yozdi Reshford.
Eslatib o‘tamiz, 28 yoshli hujumchining transfer huquqi hanuzgacha «MYU»ga tegishli hisoblanadi. U joriy mavsumni ijara asosida «Barselona»da o‘tkazdi, o‘tgan mavsumning bir qismida esa «Aston Villa» sharafini himoya qilgan edi.













