Hujumchi Vinisius Junior yaqin kelajakda «Real»ni tark etmaydi. Jurnalist Migel Serranoning xabar berishicha, madridliklar klubi braziliyalik futbolchining 2027 yil yozida erkin agent sifatida ketishidan xavotirda emas.
Ma’lum bo‘lishicha, Vinisius shaxsan klub prezidenti Florentino Peresga jamoani tekinga tark etmaslik haqida va’da bergan. Futbolchi «Real»da uzoq yillar qolish istagida ekanini bildirgan. Hatto shartnomani uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilmagan taqdirda ham, u faqatgina klub uchun foydali bo‘lgan taklif evazigagina Madridni tark etishini ma’lum qilgan.
Vinisius Junior «Real» safiga 2018 yilda «Flamengo»dan 45 million yevro evaziga kelib qo‘shilgan edi. Uning amaldagi shartnomasi 2027 yilning 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan. Hujumchi joriy mavsumda madridliklar tarkibida barcha turnirlarda 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 22 ta gol va 14 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi.













