Portugaliyalik himoyachi Joze Fonte futbolchilik faoliyatini rasman yakunladi. Bu haqda ilgari o‘zi sardorlik qilgan "Lill" klubi matbuot xizmati xabar berdi. Fonte faoliyatidagi so‘nggi klub Portugaliyaning "Kasa Piya" jamoasi bo‘ldi. O‘tgan mavsumda Joze ushbu jamoa safida 20 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi.
Fonte Lissabonning "Sporting" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, biroq u faoliyatining katta qismini Angliyada o‘tkazgan. 2007 yildan 2018 yilgacha u "Kristal Pelas", "Sautgempton" va "Vest Xem" safida to‘p surgan. "Sautgempton"da u yetti yil faoliyat yuritgan. 2018 yildan 2023 yilgacha esa "Lill" sharafini himoya qilgan. 2016 yilda Portugaliya terma jamoasi safida Yevropa chempioni bo‘lgan.













