Madridning «Atletiko» klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Xulian Alvares Italiyaning «Inter» jamoasi forvardi Lautaro Martines bilan milliy jamoadagi raqobat haqida fikr bildirdi.
— Lautaro kabi futbolchi bilan tarkibdan joy olish uchun raqobatlashish qanday tuyg‘u?
— Biz raqobatchimiz, lekin shu bilan birga birgalikda o‘ynashdan ham zavq olamiz. Qachonki maydonga birga tushsak, yaxshi o‘yin ko‘rsatamiz. Agar faqat birimiz maydonga tushsak, eng muhimi — jamoa uchun eng yaxshisini istashimizdir. Bu ichki raqobat ikkalamizga ham har kuni o‘sish va rivojlanishga yordam beradi. Bu doim shunday bo‘lib kelgan. Qachonki kuchli va sog‘lom raqobat bo‘lsa, hamma yaxshiroq o‘ynay boshlaydi, bu esa eng asosiy jihatdir, — deya Alvaresning so‘zlarini keltiradi FIFA rasmiy sayti.













