«Komo» hujumkor yarim himoyachisi Nikolas Pas tez orada Madridning «Real» klubiga qaytadi. «Qirollik klubi» o‘z tarbiyalanuvchisini qaytarib sotib olish huquqidan foydalanishga qaror qildi.
Jurnalist Xose Feliks Diasning xabar berishicha, argentinalik futbolchining qaytishi haqida rasmiy ma’lumot 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan «Real» prezidenti saylovlaridan keyin e’lon qilinadi.
Ma’lum bo‘lishicha, «qaymoqranglilar» Nikolas Pasni bor-yo‘g‘i 9 million yevro evaziga sotib olishlari mumkin (shartnomadagi tegishli bandga ko‘ra). Ayni paytda A Seriyaning 21 yoshli yulduzining bozor qiymati Transfermarkt portali tomonidan 80 million yevroga baholanmoqda.
O‘tgan mavsumda Pas Sesk Fabregas boshqaruvidagi jamoa safida 40 ta o‘yinda maydonga tushib, 13 ta gol va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













