«Milan» a’zosi Kristian Pulishich uchun mavsumning ikkinchi yarmi omadsiz kechgani uning terma jamoadagi maqomiga ham ta’sir qildi. AQSH terma jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino uni sardorlik bog‘ichidan mahrum qildi.
Endilikda jamoani maydonga tajribali Tim Rim sardor sifatida boshlab tushadi. Hozirda 38 yoshda bo‘lgan futbolchi oxirgi ikki yilni «Sharlott» klubida o‘tkazmoqda. Ilgari u uzoq vaqt Angliyada faoliyat yuritgan: avvaliga «Bolton Uonderers», so‘ngra to‘qqiz yil davomida «Fulxem» sharafini himoya qilib, 2024 yilda London klubini tark etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati 11 iyun kuni boshlanadi. AQSH terma jamoasi o‘z guruhida Paragvay, Avstraliya va Turkiya bilan kuch sinashadi.













