FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati-2026 da muxlislar va jamoalar manfaatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan yangi o‘yin oldi marosimidan foydalanilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, o‘yin qaydnomasiga kiritilgan har bir futbolchi milliy madhiyalar ijro etilayotgan vaqtda maydonga chiqadi.
«Jahon chempionati rivojlanib borar ekan, biz o‘yindan zavq olish usullariga innovasiyalar kiritishda davom etamiz. Milliy madhiyalar yangrayotgan paytda barcha futbolchilar va hakamlarning markaziy aylanada bir-birlariga yuzma-yuz turishi birdamlik, faxr va his-tuyg‘ular lahzasini taqdim etadi. Bu lahza haqiqatan ham jamoalarga va stadiondagi barchaga tegishlidir. Jahon chempionati — har bir futbolchi va har bir muxlis uchun bayramdir va ushbu yangi o‘yin oldi marosimi buni o‘zida aks ettiradi», — deya Infantinoning so‘zlarini keltiradi FIFA rasmiy sayti.
Shuningdek, turnirning keyingi (pley-off) bosqichlarida o‘yin oldi marosimi rangli tutun yoki pirotexnika vositalari kabi qo‘shimcha elementlarni ham o‘z ichiga oladi.
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha uchta mamlakat: AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Turnirda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Guruh bosqichi o‘yinlari 11 iyundan 28 iyungacha o‘tkaziladi. Pley-off bahslari 28 iyundan boshlanadi. Final uchrashuvi esa 19 iyulga belgilangan.













