«Milan» hujumchisi Rafael Leau bir paytlar «Inter»ga o‘tishi mumkin bo‘lgan vaziyat haqida gapirib berdi.
«Neradzurrilar» portugaliyalik futbolchi hali «Lill» safida to‘p surib yurgan 2019 yilda u bilan bog‘langan, biroq uni o‘z loyihasiga ishontira olmagan edi. Ko‘p o‘tmay, o‘yinchi baribir Milan shahriga ko‘chib o‘tdi — ammo boshqa bir klubga.
«Birinchi bo‘lib menga «Inter» aloqaga chiqqandi, lekin men «Lill»da yana bir mavsum qolmoqchi edim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, «Milan» men bilan aloqaga chiqdi. Kampush menga telefonni uzatdi — go‘shakning narigi tomonida Maldini edi. Paologa «yo‘q» deb javob berishning mutlaqo iloji yo‘q edi», — deya jurnalist Nikolo Skira Leauning so‘zlarini keltiradi.
Katta ehtimol bilan, hujumchi shu yozda «Milan»ni tark etadi — yaqinda uning o‘zi boshqa chempionatda o‘z kuchini sinab ko‘rish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.













