«Bavariya»ning hujumkor yarim himoyachisi Lennart Karlning Jahon chempionatidagi debyuti kamida to‘rt yilga kechikadigan bo‘ldi. 18 yoshli futbolchi jiddiy jarohat olgan va shu sababli bo‘lajak mundialda ishtirok eta olmaydi, bu haqda juma kuni ma’lum bo‘ldi. Germaniya terma jamoasi qaydnomasida undan bo‘shab qolgan o‘rinni «RB Leypsig» a’zosi Assan Uedraogo egalladi.
«To‘g‘risini aytsam, gapni nimadan boshlashni ham bilmayapman, ammo bu og‘riqni so‘z bilan ta’riflash qiyin — men faoliyatimdagi eng muhim turnirni o‘tkazib yuboryapman. Jahon chempionatiga eng yaxshi sport formamda yetib borish uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilgandim. Afsuski, jarohatlar ko‘pincha eng noqulay vaqtda pand beradi. Germaniya terma jamoasiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Men jamoani har soniyada qo‘llab-quvvatlab turaman. Va’da beraman, men yanada kuchli bo‘lib qaytaman. Qo‘llab-quvvatlagani uchun barchaga rahmat», — deb yozdi Karl o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya milliy terma jamoasi JCH-2026 guruh bosqichida Kyurasao, Kot-d’Ivuar va Ekvador terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.













