AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida start olayotgan 2026 yilgi Jahon chempionatida ishlaydigan hakamlarning qancha maosh olishi ma’lum bo‘ldi. The Times nashrining xabar berishicha, Jahon chempionatida ishlaydigan hakamlar turnir davomida 100 ming dollargacha daromad qiladi. Hal qiluvchi bosqichlarda ishlaydigan referilarga esa qo‘shimcha miqdorda bonuslar to‘lanadi. Manbaga ko‘ra, FIFA ushbu yuqori to‘lovlar orqali musobaqaga dunyoning eng malakali hakamlarini jalb qilishni ko‘zlagan.
FIFA eng kuchli hakamlarni musobaqaga jalb etish va munosib rag‘batlantirish maqsadida gonorarlar miqdorini 2014 yilgi mundialga nisbatan qariyb ikki barobarga oshirgan. Taqqoslash uchun, musobaqada ishlashi kutilayotgan Maykl Oliver va Entoni Teylor kabi angliyalik hakamlar Angliya Premyer Ligasidagi butun bir mavsum uchun o‘rtacha 170—180 ming funt sterling (taxminan 215—230 ming dollar) maosh oladi. Shu nuqtai nazardan, mundialdagi bir oylik mehnat uchun 100 ming dollarlik to‘lov hakamlar uchun juda yaxshi daromad hisoblanadi.
Tarixda ilk bor Jahon chempionatida ishlash uchun Ilgiz Tantashev boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi ham jalb etilgan. Unga qanotlarda Andrey Sapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. 2013 yildan buyon FIFA hakami maqomiga ega bo‘lgan 42 yoshli mutaxassis so‘nggi o‘n yil davomida qit’a va jahonning eng yirik musobaqalarida muntazam ishlab kelmoqda. Tantashev 2015 yildan beri OFK Chempionlar Ligasining barcha mavsumlarida ishlagan. Shuningdek, u Parij—2024 Olimpiya o‘yinlarining to‘rtta o‘yinida, 2025 yilgi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida hamda 2019 va 2023-yilgi Osiyo Kubogi final bosqichlarida faoliyat yuritgan. Joriy yilning aprel oyida esa Osiyo Elit Chempionlar Ligasining hal qiluvchi final uchrashuvini boshqarish aynan unga ishonib topshirilgandi.
Ma’lumot uchun, 11 iyun – 19 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan JCH—2026 musobaqasi uchun FIFA dastlab 52 nafar bosh hakam, 88 nafar qanot hakami va 30 nafar VAR mutaxassisini tanlab olgan edi. Biroq somalilik hakam Umar Artan AQSH chegarasidan kiritilmagani va Istanbuldan orqaga qaytarilgani ortidan ro‘yxatdagi bosh hakamlar soni bittaga qisqargan.













