“Barselona” hujumchisi Ansu Fatining “Monako”ga transferi barbod bo‘lish arafasida turibdi. Monegasklar 23 yoshli futbolchini “ko‘k-anorranglilar”dan 11 million yevroga sotib olish bandini faollashtirishga rozi bo‘lishgan, biroq ispaniyalik futbolchining maoshi jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda, deb xabar beradi Sport nashri.
Kelgusi mavsum boshidan boshlab Fatining “Barselona” bilan amaldagi shartnomasiga ko‘ra oladigan yillik maoshi 14 million yevrogacha ko‘tariladi. “Monako” buncha miqdorda maosh to‘lashga tayyor emas, forvard esa hozircha yon berishni xohlamayapti.
Ansu Fatining Kataloniya grandi bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan. O‘tgan mavsumda u Fransiyada ijara asosida to‘p surib, o‘tkazilgan 30 ta o‘yinda 12 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.













