Angliya terma jamoasi futbolchilarining butsalari mashg‘ulot bazasiga ketayotgan furgondan o‘g‘irlab ketildi. Bu haqda Britaniyaning The Sun nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Florida shtatidan Kanzasga olib ketilayotgan futbol to‘plari va mashg‘ulot jihozlari ham yo‘lda o‘g‘irlangan. Shuningdek, o‘g‘irlangan buyumlar orasida Tomas Tuxel va uning murabbiylar shtabi foydalanadigan tahliliy uskunalar, taktik doskalar hamda massaj stollari ham bor.
Angliya terma jamoasi Jahon chempionati oldidan Floridada yig‘in o‘tkazib, unda Yangi Zelandiya, Kosta-Rika terma jamoalari va “Mayami Yunayted” klubiga qarshi uchrashuvlarda g‘alaba qozongan edi.
Jamoa shanba kuni ertalab Kanzas-Sitidagi mehmonxonaga yetib kelgan va kunning ikkinchi yarmida mashg‘ulotlarni boshlashi kerak bo‘lgan. Shu sababli inventarlar oldindan yuborilgan.
Shuningdek, yo‘qolgan buyumlar orasida jamoa yetakchilari Harri Keyn va Jud Bellingemning butsalari ham bor. Shuningdek, terma jamoa deyarli barcha mashg‘ulot to‘plaridan ayrilgan va jamoa ixtiyorida atigi bitta to‘p qolgan.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari allaqachon tergovni boshlagan. Angliya terma jamoasi inventarlarini tashish bilan shug‘ullangan haydovchilar ehtimoliy gumondorlar sifatida ko‘rilmoqda.
Angliya terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichidagi ilk uchrashuvini 17 iyun kuni Xorvatiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.













