Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann 2026 yilgi Jahon chempionati «E» guruhi 1-turidan o‘rin olgan Kyurasao terma jamoasiga qarshi uchrashuvdagi (7:1) o‘yinni baholadi.
Bahs 14 iyun kuni AQSHning Xyuston shahridagi «NRG Stadium» stadionida bo‘lib o‘tdi va nemislarning 7:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Ushbu natija orqali Germaniya turnirning final bosqichlarida urilgan gollar soni bo‘yicha rekord o‘rnatdi (239 ta gol). Germaniya terma jamoasi safida Kay Xavers dubl qayd etdi va u uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
«Raqib hisobni tenglashtirgan vaziyatda o‘yinimizni qayta tiklab olishimiz uchun bir necha daqiqa talab qilindi. Ko‘rganimizdek, Kyurasao terma jamoasi ham futbol o‘ynashni biladi. Ushbu jamoaning guruhdagi keyingi o‘yinlarda o‘zini qanday ko‘rsatishi men uchun qiziq. Yettita gol urganimizdan juda mamnunman, qolaversa, ijromizdagi o‘yin menga deyarli to‘liq yoqdi. Turnirni g‘alaba bilan boshlash doimo muhim hisoblanadi. Buni uddalaganimizdan juda ham xursandmiz», — deya Nagelsmannning so‘zlarini keltiradi FIFA matbuot xizmati.
20 iyun kuni Germaniya Jahon chempionati doirasida Kot-d'Ivuarga qarshi maydonga tushadi, 25 iyun kuni esa Ekvador bilan kuch sinashadi. Futbol bo‘yicha Jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksika mamlakatlarida bo‘lib o‘tmoqda va 19 iyul kuni yakuniga yetadi.













