Simone Indzagi «Al-Hilol» bosh murabbiyi sifatida qolishi tasdiqlanganidan so‘ng, «Barselona» Joau Kanseluni to‘liq sotib olish rejasida jiddiy ustunlikka ega bo‘ldi.
Kanseluning «Barselona»dagi ijara muddati 2025/26 yilgi mavsum yakunlanganidan keyin tugadi, bu esa Portugaliya terma jamoasi a’zosi Saudiya Pro Ligasi vakili «Al-Hilol» ixtiyoriga qaytishi kerakligini anglatadi. Biroq futbolchining o‘zi ham, «Barselona» ham hamkorlikni davom ettirishga juda qiziqmoqda.
Sport nashri xabariga ko‘ra, Indzagining kelajagi atrofidagi mavhumlik «Al-Hilol»dagi bir nechta transfer masalalarini, jumladan, Kanseluning vaziyatini muhokama qilishni ham kechiktirib yuborayotgan edi.
Xabarda aytilishicha, Indzagi Kanseluni o‘z uzoq muddatli rejalarining bir qismi sifatida ko‘rmayapti va yangi qanot himoyachisini sotib olishni talab qilmoqchi. Bu esa portugaliyalik himoyachining jamoadan ketishi uchun eshiklarni ochishi mumkin.
Shuningdek, Kanselu «Al-Hilol» bilan amaldagi shartnomasining so‘nggi yilini bekor qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani aytilmoqda. Ushbu qadam uning «Barselona»ga qaytishini sezilarli darajada osonlashtiradi. Agar buning iloji bo‘lmasa, Kataloniya klubi Saudiya tomoni bilan transfer tovon puli borasida kelishib olishiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, «Al-Hilol» 32 yoshli futbolchi uchun so‘ralayotgan narxni pasaytirishga tayyor, bu esa transfer ustida ishlayotgan «Barselona» rahbariyatiga yanada qo‘shimcha ishonch bag‘ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, Joau Kanselu ortda qolgan 2025/26 yilgi mavsumda «Barselona» safida barcha musobaqalarda 43 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.













