«Brayton» klubi himoyachi Joel Veltmanning jamoadan ketganini rasman e’lon qildi. 34 yoshli niderlandiyalik futbolchi shartnoma muddati yakunlanganidan so‘ng klubni tark etdi.
Veltman Angliya klubiga 2020 yilning yozida «Ayaks»dan ko‘chib o‘tgan edi. U 6 mavsum davomida barcha musobaqalarda jami 191 ta o‘yinda maydonga tushib, 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Futbolchi «chaykalar»ga APLda to‘rt bor kuchli o‘ntalikdan joy olishiga hamda 2022/2023 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra Yevropa Ligasida debyut qilishiga yordam berdi.
Asosiy jamoadagi ishtirokidan tashqari, Veltman 2022 yildan buyon «Brayton»ning xayriya fondi elchisi hisoblanardi va klubning ijtimoiy loyihalarida bir necha bor faol qatnashgan. Shuningdek, futbolchi Niderlandiya milliy terma jamoasi safida 28 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urgan va terma jamoa bilan JCH-2014 bronza medali sohibiga aylangan.













