«Lasio» klubining 25 yoshli markaziy himoyachisi Mario Xila «Milan»ga o‘tishga juda yaqin turibdi. Bu haqda taniqli insayder Nikolo Skira xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, tomonlar 2031 yilgacha mo‘ljallangan shaxsiy shartnoma shartlarini o‘zaro kelishib olishgan. Agar transfer muvaffaqiyatli yakunlansa, ispaniyalik futbolchi «Milan»da yiliga 4,5 million yevro va bunga qo‘shimcha bonuslar ishlab topadi.
Qayd etilishicha, ushbu futbolchi uchun kechgan kurashda «Milan» ancha manfaatliroq taklif bilan «Napoli» va «Atalanta» klublarini ortda qoldirishga erishgan. Endi «rossonerilar» «Lasio» klubi bilan kelishuvga erishishlari kerak. Yaqin vaqt ichida Milan klubi rimliklarga 25 million yevrolik rasmiy taklif yuborishni rejalashtirmoqda.
Ortda qolgan mavsumda Xila barcha musobaqalarni inobatga olgan holda 36 ta uchrashuvda maydonga tushdi va samarali harakatlari (gol yoki assist) bilan ajralib turolmadi.













