Angliya terma jamoasi qanot hujumchisi Bukayo Saka JCH–2026 yakunlariga baho berib, turnirda kutganidan kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lganidan afsusdaligini bildirdi.
Saka jahon chempionatida faqat uchinchi o‘rin uchun Fransiyaga qarshi bahsni (6:4) to‘liq o‘tkazdi va ushbu uchrashuvda xet-trik qayd etdi. U Argentinaga qarshi yarim final bahsida (1:2) esa zaxirada qoldirilgan edi.
Umuman olganda, «Arsenal» futbolchisi JCH–2026da yettita o‘yinda ishtirok etib, 3 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
«Albatta, ko‘proq o‘ynashni istardim. Lekin hozir bu haqda gapiradigan vaqt emas. Men maydondagi o‘yinim bilan javob berishga harakat qilaman. Endi barchasi ortda qoldi, oldinga harakat qilamiz», — dedi Saka.
Undan «Arsenal» muxlislari uning o‘yini va gollaridan mamnunmi, deb so‘rashganda, futbolchi shunday javob berdi:
«Ha. Men yaxshi sport formasidaman, haqiqatan ham yaxshi holatdaman».
Eslatib o‘tamiz, Angliya terma jamoasi JCH–2026ni uchinchi o‘rin bilan yakunladi. Fransiya esa to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Turnir g‘olibi Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi final bahsida aniqlanadi.













