Tojikistonda o‘tkazilgan CAFA U-20 Women’s Championship 2026 musobaqasi o‘z yakuniga yetdi. So‘nggi turda O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi mezbon Tojikiston U-20 terma jamoasini 7:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratib, musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida Nargiza Mamataliyeva hisobni ochdi. Keyin esa Shahzoda Alixonova ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoamiz ustunligini mustahkamladi. Taym yakuniga yaqin terma jamoa sardori Shahnoza Dekanboyeva ham gol mualliflari qatoridan joy oldi va birinchi bo‘lim 4:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda ham Viktoriya Sirota shogirdlari tashabbusni qo‘ldan chiqarmadi. Sevinch G‘ulomova burchak to‘pidan keyin hisobni 5:0 ko‘rinishiga keltirdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, Yodgora Yusupova penaltidan aniq zarba yo‘lladi. Uchrashuvdagi so‘nggi golni esa 78-daqiqada Mariya Daxova kiritdi.
Shu tariqa Viktoriya Sirota boshchiligidagi O‘zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi musobaqani 3 uchrashuvda 7 ochko bilan yakunlab, CAFA U-20 Women’s Championship 2026 turniri chempioniga aylandi.













