«Dubay Yunayted» klubi bosh murabbiy Andrea Pirloning kelajagi haqida rasmiy bayonot berdi. Avvalroq u Rossiyadagi bukmekerlik kompaniyasi bilan hamkorligi tufayli Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanmagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Klub bayonotida shunday deyiladi:
«So‘nggi bir necha kun davomida ommaviy axborot vositalarida Andrea Pirloning kelajagi haqida ko‘plab mish-mishlar tarqaldi. Ularning ayrimlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
«Dubay Yunayted» o‘tgan mavsumdan buyon futbol afsonasi Andrea Pirloning bosh murabbiyimiz ekanidan mamnun. Klub prezidenti Iliye Chebanu, rahbariyat, murabbiylar shtabi va futbolchilar uni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Andrea Pirlo «Dubay Yunayted»ga sodiq, klub ham unga to‘liq ishonadi.
Ayni paytda biz tariximizdagi ilk ADNOC Pro-ligasi mavsumiga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu klubimiz uchun muhim yangi sahifa hisoblanadi va butun e’tiborimiz jamoaning tayyorgarligi hamda musobaqadagi ishtirokiga qaratilgan.
Barcha muxlislarimiz va Dubaydagi futbol ishqibozlarini stadionga kelib, jamoamizni qo‘llab-quvvatlashga hamda «Dubay Yunayted»ning Pro-ligadagi yo‘lining bir qismiga aylanishga chaqiramiz».
Avvalroq Andrea Pirlo Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod hisoblangani, biroq Rossiyadagi bukmekerlik kompaniyasi bilan tuzgan shartnomasi atrofidagi mojaro sabab ushbu tayinlov amalga oshmagani haqida xabar berilgan edi.













