Xalqaro professional futbolchilar uyushmalari federasiyasi (FIFPRO) FIFAning jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejasi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Bayonotda quyidagilar ta’kidlangan:
«FIFPRO FIFA tomonidan FIFA Forward Enterprise tashkil etish haqidagi taklif yuzasidan berilgan so‘nggi ommaviy bayonotni e’tiborga oldi.
Ushbu taklif xalqaro futbolni boshqarish, tashkil etish va tijoriy rivojlantirishning kelajagiga oid kengroq muhokamalarning bir qismi hisoblanadi. Bunday ko‘lamdagi tashabbuslar ochiqlik, aniq jarayonlar va professional futbol kelajagidan manfaatdor barcha tomonlar bilan mazmunli muloqotni talab qiladi.
So‘nggi oylarda FIFPRO va FIFA o‘zaro anglashuv memorandumi hamda Ijtimoiy muloqot bo‘yicha global platformani yaratish orqali hamkorlikdagi boshqaruvni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar tashladi. Ushbu platforma futbolchilar, klublar va ligalar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo‘lsa-da, u futbolni boshqarishning kelajagida shaffoflik, tizimli muloqot, xolis mezonlar va jamoaviy rivojlanish tamoyillariga sodiqlikni ham aks ettiradi.
Bu — FIFPRO va butun dunyodagi futbolchilar kasaba uyushmalari doimiy ravishda himoya qilib kelayotgan asosiy tamoyillardir. Professional futbolchilar mehnat qiluvchi shaxslar sifatida futboldagi asosiy manfaatdor tomonlardan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqaro futbolni boshqarish va rivojlantirishga oid qarorlar ularning mehnat va musobaqalarda ishtirok etish sharoitlariga bevosita ta’sir qiladi.
FIFPRO bunday ahamiyatga ega takliflar futbolchilar va boshqa manfaatdor tomonlarning haqiqiy ishtiroki bilan ochiq va shaffof muhokama qilinishiga umid qiladi. Futbol hamjamiyatining munosabatlari fonida FIFA futbol industriyasini bo‘lish emas, balki birlashtirish uchun alohida mas’uliyatga ega. Bu kabi muhim qarorlar ultimatumlar emas, balki haqiqiy va inklyuziv muhokama jarayonida qabul qilinishi lozim.
FIFPRO o‘z a’zolari va mintaqaviy bo‘linmalari bilan birgalikda vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Biz o‘z vaqtida axborot olish va muhokama jarayoniga jalb etilishni kutamiz hamda futbolchilar manfaatlarini himoya qilish va professional futbolning barqaror hamda samarali boshqariladigan kelajagi yo‘lida barcha tomonlar bilan konstruktiv hamkorlik qilish maqsadimizga sodiq qolamiz».
Eslatib o‘tamiz, 30 iyul kuni UYEFAga a’zo mamlakatlar FIFA jahon chempionati va boshqa musobaqalarga oid mulkchilik huquqlarini xususiy investorlarga bergan taqdirda, FIFA shafeligidagi musobaqalarni boykot qilish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.













