Professional futbol ligasi «Bunyodkor» klubining og‘ir moliyaviy ahvolini inobatga olgan holda, Superliganing 16-turidan o‘rin olgan OKMKga qarshi uy uchrashuvini tashkil etish bo‘yicha klubga amaliy yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.
Avvalroq «Bunyodkor» moliyaviy qiyinchiliklar sababli Superliganing 15-turida «Qizilqum»ga qarshi Navoiyda o‘tadigan safar uchrashuviga bora olmasligini ma’lum qilgan edi. Bu kabi holat klub tarixida ilk bor kuzatilmoqda.
Shuningdek, jahon chempionati munosabati bilan yuzaga kelgan tanaffusdan keyin ham «Bunyodkor» o‘z maydonida rasmiy uchrashuvlar o‘tkaza olmayapti. Jumladan, «Nasaf»ga qarshi bahs Olimpiya stadionida tashkil etildi, keyinchalik esa stadion tayyor emasligi sababli «Paxtakor»ga qarshi Toshkent derbisi raqib maydoniga ko‘chirildi.
Liga ma’lum qilishicha, «Bunyodkor» «Qizilqum»ga qarshi bahsga hatto o‘rinbosarlar tarkibi bilan ham yo‘l olishi mumkin edi. Biroq klub hisob raqamining soliq qarzdorligi tufayli faol emasligi safar xarajatlarini qoplash imkonini bermagan.
31 iyul kuni Liga va «Bunyodkor» marketing bo‘limlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda 8 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan «Bunyodkor» — OKMK uchrashuvi uchun chiptalarni elektron tarzda sotish taklifi ilgari surildi.
Ushbu tashabbusni iTicket platformasi qo‘llab-quvvatlab, majburiy soliq to‘lovlari saqlab qolingan holda, mazkur uchrashuv uchun xizmat ko‘rsatishdan olinadigan komissiya to‘lovisiz «Bunyodkor»ga amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Shu tariqa, «Bunyodkor» muxlislari va mamlakat futboli ixlosmandlari OKMKga qarshi uchrashuv uchun chipta xarid qilish orqali klubni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Chipta narxlari va boshqa tashkiliy masalalar haqida klub qo‘shimcha ma’lumot beradi.
Professional futbol ligasi mazkur uchrashuvni o‘z axborot platformalarida faol yoritishini ma’lum qildi. Shuningdek, mamlakat futboliga befarq bo‘lmagan ommaviy axborot vositalari va blogerlarni ham «Bunyodkor» — OKMK uchrashuvi chiptalari savdosini keng yoritishga chaqirdi.













