Yarim himoyachi Magnes Akliush «Monako»dan «PSJ»ga o‘tganidan keyin Parij klubi bilan shartnoma imzolaganidan so‘nggi his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi.
Bugun, 6 avgust kuni «PSJ» Akliush transferini rasman e’lon qildi. Futbolchi bilan 2031 yilga qadar mo‘ljallangan shartnoma imzolandi.
«“Pari Sen-Jermen” bilan shartnoma imzolash men uchun ulkan faxr. Men Parij mintaqasida voyaga yetganman va bunday nufuzli klubga o‘tish men hamda oilam uchun juda katta ahamiyatga ega.
Menga bildirilgan ishonch uchun prezident Nasser Al-Xelayfi, Luish Kampush va Luis Enrikega, shuningdek, shu yo‘lda meni qo‘llab-quvvatlagan barcha insonlarga minnatdorchilik bildiraman.
Bu libosni kiyishni, ushbu buyuk klubda yanada rivojlanishni va muxlislarimiz oldida «Pari Sen-Jermen» sharafini munosib himoya qilish uchun bor kuchimni sarflashni intiqlik bilan kutyapman», — dedi Akliush «PSJ» rasmiy saytiga.
Akliush «Monako» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy jamoa safida 2022 yilning yozidan buyon to‘p surib kelayotgandi.
O‘tgan mavsumda yarim himoyachi barcha musobaqalarda 43 ta uchrashuvda ishtirok etib, 7 ta gol va 11 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi.













