«Rasing»ning chap qanot himoyachisi Xorxe Salinas «Manchester Yunayted» e’tiborini tortdi.
«Qizil iblislar» 19 yoshli futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan 16 million yevro miqdoridagi tovon pulini to‘lashga tayyor, xabar beradi Sport nashriga tayanib Transfer News Live. Istiqbolli lateralga «Barselona» ham qiziqish saqlab turibdi, biroq kataloniyaliklar bu narxni oshirib yuborilgan deb hisoblamoqda.
Mankunianliklar Xorxe Salinasni Lyuis Xollga muqobil variant sifatida belgilab olishgan. Ingliz futbolchisi ustuvor variant edi, ammo «Nyukasl»ning o‘yinchini qo‘yib yuborishni istamasligi sababli bu transferni amalga oshirish qiyin bo‘ladi.
O‘tgan mavsumda Salinas Ispaniya Segundasida «Rasing» safida 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta golli uzatma yozdirib qo‘ydi.













