Argentina futbol assosiasiyasi (AFA) tashkilotning navbatdagi kongressi oldidan FIFA prezidenti Janni Infantinoga o‘z xayrixohligi va qo‘llab-quvvatlovini bildirdi.
«Biz shaffof va barqaror boshqaruv modeli asosida jahon futbolining rivojlanishi va institusional mustahkamlanishini yuqori baholaymiz.
So‘nggi voqealar munosabati bilan, FIFA ma’muriyatining aniqlikdan ko‘ra ko‘proq savollar tug‘dirgan loyihani qaytarib olish haqidagi qarorini, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan xatolarning tan olinishi va FIFAga a’zo sifatida kiruvchi barcha 211 ta assosiasiyadan uzr so‘ralganini to‘g‘ri qadam deb hisoblaymiz. Korporativ boshqaruv tamoyillariga rioya qilish FIFA, milliy assosiasiyalar va konfederasiyalar o‘rtasidagi ishonchning asosi bo‘lib qoladi.
Ishonchimiz komilki, Sizning rahbarligingiz ostida FIFA o‘z a’zolari uchun yanada ochiqroq bo‘ldi, boshqaruv shaffofligi, ustav normalari va demokratik proseduralarga hurmat esa futbol oilasining jipslashishiga hamda futbolning sifat jihatdan barcha bosqichlarda rivojlanishiga xizmat qilmoqda», — deyiladi rasmiy bayonotda.
Oldinroq Infantino Jahon chempionatining tijoriy huquqlari bir qismini xususiy investorlarga sotish tashabbusi bilan chiqqan, biroq keskin tanqidlardan so‘ng bu g‘oyadan voz kechgan edi. Loyiha FIFAning asosiy erkaklar va ayollar turnirlarini boshqarishi kerak bo‘lgan FIFA Forward Enterprise kompaniyasini tashkil etishni nazarda tutgan edi.













