Germaniya terma jamoasining sobiq a’zosi Ditmar Xamann Yurgen Kloppning milliy jamoa bosh murabbiyligidagi faoliyatiga alohida imtiyozli munosabat bo‘lmasligini ta’kidladi.
Klopp iyul oyida Yulian Nagelsmann o‘rnini egallab, Germaniya terma jamoasini boshqarishga kirishgan edi. O‘zining ilk matbuot anjumanida sobiq «Liverpul» murabbiyi shunday degan edi:
«Agar uddalay olmasam, hech qanday kompensasiyasiz ketaman. Ammo oilamni tinch qo‘ymasangiz, baribir ketaman. Agar nimadir o‘xshamasa, meni tanqid qilavering».
Ditmar Xamann GOAL nashriga bergan intervyusida bu bayonotga quyidagicha munosabat bildirdi:
«Uning nega oilasini tilga olganini tushunmadim, chunki uning oilasi hech kimni qiziqtirmaydi. Unga natijalariga qarab baho berishadi. Ko‘pchilik qatori, men ham unga boshqa har qanday murabbiyga beriladigan bahoni beraman.
Uning «asal oyi» atigi birgina o‘yin davom etishi mumkin! Gap shundaki, oxir-oqibat hamma narsa muvaffaqiyat va natijaga borib taqaladi. Agar natijalar qoniqarsiz bo‘lsa va o‘yin qovushmasa, unda muammolar paydo bo‘ladi. Bu borada u [boshqa murabbiylardan] hech narsasi bilan farq qilmaydi.
Bu bayonotdan so‘ng biror bir jurnalist uning aslida nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmaganidan hayron qoldim. Ammo men uchun aniqki, agar ishlar ko‘ngildagidek kechmasa, u ham boshqalar singari muhokama va tanqid qilinadi», — deydi Xamann.













