Shveysariyaning “Lugano” klubi o‘zbekistonlik himoyachi Behruz Karimov transferini e’lon qildi.
2007-yilda tug‘ilgan va shu vaqtga qadar Termizning “Surxon” jamoasi sharafini himoya qilib kelgan Karimov yangi klubi bilan 5 yillik bitim tuzdi. Shartnoma 2031-yilning 30-iyuniga qadar amal qiladi.
Behruz Karimov yaqindagina 2026-yilgi Jahon chempioni Fabio Kannavaro murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etgan edi. Yosh himoyachi mazkur musobaqada Kolumbiya va Portugaliya terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda maydonga tushdi.
“Lugano” klubining sport ishlari bo‘yicha direktori Sebastyan Pelzer o‘zbekistonlik iqtidorning transferi yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. U ushbu kelishuvda klub ko‘plab raqobatchilarni ortda qoldirganini ta’kidladi:
“Behruzning safigimizga qo‘shilishi jamoamiz to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini tasdiqlaydi. Klubimiz yosh iqtidorlarga o‘sish va faoliyatini rivojlantirish uchun ideal muhit hamda to‘g‘ri sharoitlarni taklif qila oladigan xalqaro miqyosdagi jamoa sifatida shakllanishni maqsad qilgan. “Lugano” Behruz uchun Yevropa futbolidagi ilk manzil hisoblanadi: bu yerda u o‘z faoliyatidagi navbatdagi muhim qadamni tashlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Uning o‘yinlarini qator klublar katta qiziqish bilan kuzatib borayotgan edi. Yakunda aynan bizning jamoamiz bu poygada g‘olib chiqqanidan juda xursandmiz. Qaror qabul qilishda iqtisodiy jihatlar emas, balki sportga oid prinsiplar va loyihaning sifati doimo birinchi o‘rinda turishi kerak. Biz yosh o‘yinchilarga yuqori raqobatli va ulkan maqsadlarga ega muhitda rivojlanish imkoniyatini taqdim etmoqchimiz”.
Behruz Karimovning yangi jamoasi Shveysariya futbolining eng o‘ziga xos va tarixiy klublaridan biri hisoblanadi. 1908-yilda tashkil topgan jamoa 2000-yillar boshidagi bankrotlikdan so‘ng o‘zini tiklab, yevrokuboklarning muntazam ishtirokchisiga aylangan. Xususan, o‘tgan mavsumda “Lugano” ichki chempionatda “Bazel” va “Yang Boyz” kabi grandlarni ortda qoldirib, 3-o‘rinni egalladi hamda yangi mavsumda Konferensiyalar Ligasining ikkinchi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. O‘z tarixida 3 marta mamlakat chempionligi va 4 marta Shveysariya kubogini (so‘nggisi 2022-yilda) qo‘lga kiritgan jamoaga ayni paytda 44 yoshli mahalliy mutaxassis Mattia Krochi-Torti ustozlik qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Behruz Karimov futbolchilik faoliyatini “Odil Junior” akademiyasida boshlagan. Keyinchalik “Olimpik” klubi bilan shartnoma imzolab, ushbu klub safida 18 ta uchrashuvda maydonga tushgan. Karimov 2025-yilda Termizning “Surxon” klubiga o‘tib, “tulporlar” safida 31 o‘yinda 3 ta gol muallifiga aylangan. Yosh himoyachi 2026-yilgi Jahon chempionatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi uchrashuvlarda maydonga tushgan edi. Aynan mundialdagi ishonchli harakatlaridan so‘ng yosh himoyachiga Yevropa jamoalaridan jiddiy qiziqish paydo bo‘lgan edi.













