Angliya terma jamoasining sobiq hujumchisi Maykl Ouen «Arsenal»ni APLning yangi mavsumidagi asosiy favorit deb hisoblaydi. Shu bilan birga, ekspert London klubi uchun unvonni himoya qilish oson kechmasligini ta’kidladi.
«O‘tgan mavsumda «Arsenal» yetib bo‘lmas natija ko‘rsatadigan darajada juda ko‘p ochko jamg‘armagan edi. Yevrokuboklarda o‘ynamayotgan «Chelsi» kurashga qo‘shilishga qodir. «Liverpul» va «Manchester Siti»ning yangi murabbiylari mavsumni muvaffaqiyatli boshlab, kurashga tezgina kirishishlari mumkin. «Tottenxem» transfer bozorida yaxshi ishladi. Shu sababli «Arsenal» favorit, ammo u hech qanday muammosiz va kafolatlangan holda chempion bo‘ladi, deb bo‘lmaydi», - dedi Ouen Metro'ga bergan intervyusida.
Sobiq futbolchining fikricha, «Arsenal»ning asosiy raqibi «Liverpul» bo‘ladi. Ouen muvaffaqiyatsiz kechgan o‘tgan mavsumdan so‘ng mersisaydliklarga tarkibni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
«O‘tgan mavsum «Liverpul» uchun eng yaxshisi bo‘lmadi. Jamoa juda yaxshi o‘ynamadi va juda ko‘p gol o‘tkazib yubordi. Slotning ketishi va Iraolaning kelishi uslubning o‘zgarishini anglatadi. U «Bornmut»da qiziqarli futbol ko‘rsatgan edi, ammo endi bosim ancha yuqori bo‘lgan ancha katta klubda ishlamoqda.
«Liverpul» kuchayishi kerak. Aftidan, ular uchun asosiy variant Barkola bo‘lib turibdi, uning transferi juda qimmatga tushadi. Agar klub uni sotib olib, tarkibga chuqurlik va sifat qo‘sha olsa, unda sovrin uchun haqiqatan ham kurasha oladi», - dedi Ouen.
Yakunda Ouen «Chelsi»ni uchinchi, «Manchester Siti»ni to‘rtinchi, «Manchester Yunayted»ni beshinchi va «Tottenxem»ni oltainchi o‘ringa qo‘ydi.
APLning yangi mavsumi 21 avgustda start oladi.













