Fransiya milliy jamoasining sobiq hujumchisi, hozirda "Lill" safida to‘p surayotgan Olivye Jiru jamoadoshi Ayyub Buaddining salohiyati haqida fikr bildirdi. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 18 yoshli yarim himoyachi "Manchester Siti"ga o‘tishga yaqin turibdi.
"U ruhiy jihatdan juda yetuk: xotirjam, o‘ziga ishonadi va har doim o‘zligicha qoladi. Do‘stlarim bilan gaplashganimda, ular menga Patrik Viyeyra va Serxio Busketsning suratlarini yuborishdi. Ular Buaddini shu ikki futbolchining qorishmasi, deb aytishdi", — deya Jiruning so‘zlarini BBC keltiradi.
Jiruning ta’kidlashicha, Buaddi hozircha ayrim jihatlar bo‘yicha mashhur futbolchilar darajasiga chiqmagan, ammo u juda universal o‘yinchi hisoblanadi.
"Texnik jihatdan u hali Serxio Busketschalik kuchli emas, ammo baribir juda yaxshi mahoratga ega. Agar uni Patrik Viyeyra bilan qiyoslasak, ehtimol, hozircha unga jismoniy quvvat yetishmayotgandir. Ammo umuman olganda, u juda ko‘p qirrali futbolchi. Aytganimdek, u deyarli N’Golo Kante kabi butun maydon bo‘ylab harakat qiladi".
Fransiyalik tajribali hujumchi yosh yarim himoyachining qaysi jihat ustida ko‘proq ishlashi kerakligini ham aytdi.
"U yaxshilashi kerak bo‘lgan yagona jihat — vaziyatlardan foydalanish. Buni uning o‘zi ham biladi. Bu yil biz shu masala bo‘yicha uni ko‘p hazillashib turdik. U vaziyatlarni yaxshiroq yakunlashi va raqib darvozasi yaqinida yanada agressiv bo‘lishi kerak".
Ayyub Buaddi o‘tgan mavsumda barcha musobaqalar doirasida 42 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.













