Rossiya terma jamoasi sentyabr oyida O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Sport24 xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya futbol ittifoqi (RFI) va O‘zbekiston futbol assosiasiyasi milliy jamoalar o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga yaqin turibdi.
Uchrashuv 25 sentyabr kuni Nijniy Novgorod shahridagi "Sovkombank Arena" stadionida o‘tkazilishi mumkin.
Rossiya va O‘zbekiston milliy jamoalari o‘z tarixida hozirga qadar bir marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 2022 yil 20 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi 0:0 hisobida yakunlangan.
O‘zbekiston milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etdi. Terma jamoa guruh bosqichida Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5 va Kongo DRga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, ochko jamg‘ara olmadi.
Shuningdek, Rossiya terma jamoasi 29 sentyabr kuni Qozon shahridagi "Ak Bars Arena"da Eronga qarshi maydonga tushishi rejalashtirilgan.













