"Barselona" yarim himoyachisi Frenki de Yong yangi mavsum arafasida jamoa sardori maqomidan mahrum bo‘ldi. Bu qaror klub rahbariyati emas, balki bosh murabbiy Xans-Diter Flik tomonidan qabul qilingan.
Cadena SER ma’lumotiga ko‘ra, Flik niderlandiyalik futbolchining jarohati bilan bog‘liq vaziyatdan norozi bo‘lgan. De Yong 2026 yilgi jahon chempionatida tizzasidagi muammoga qaramay maydonga tushgan. Keyinchalik jarohat kutilganidan jiddiyroq ekani aniqlangan. Futbolchining o‘zi esa terma jamoada unga o‘ynashni davom ettirish mumkinligi aytilganini ta’kidlagan.
29 yoshli yarim himoyachi tizza bog‘lamlaridan jarohat olgan va taxminan to‘rt oy maydonga tusha olmasligi kutilmoqda. Jahon chempionatida u Niderlandiya terma jamoasining barcha to‘rtta uchrashuvida qatnashdi. Niderlandiya 1/16 finalda Marokashga mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan.
Shu bilan birga, Flik de Yong bilan munosabatlari yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etgan. Murabbiy futbolchini yuqori baholashini va u bilan munosabatlari "juda yaxshi" ekanini aytgan. Ayni paytda Rafinya, Erik Garsiya va Pedri "Barselona"ning vaqtinchalik sardorlari etib belgilangan.
Yakshanba kuni "Barselona" La Liganing birinchi turida "Elche"ga qarshi maydonga tushadi.













