«Manchester Yunayted» Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumini kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshladi. Maykl Kerrik jamoasi 1-turda safarda elitaga qaytgan «Hall Siti»ga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Mankunianliklar uchrashuv davomida raqibdan bir qator muhim statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ustunlik qildi. «Manchester Yunayted» 21 marta zarba bergan bo‘lsa, «Hall Siti»da bu ko‘rsatkich 8 tani tashkil etdi. Darvoza tomon aniq zarbalar bo‘yicha ham Kerrik jamoasi oldinda bo‘ldi — 5:4.
Kutilgan gollar (xG) ko‘rsatkichida ham «MYU» ustunlik qildi — 1,81 ga 1,26. Shunga qaramay, mehmonlar biror marta ham raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi.
«Hall Siti»ga g‘alaba keltirgan gollarni Semi Ajayi va Nobel Mendi kiritdi.
Qayd etish joiz, «Hall Siti» 2016/17 yilgi mavsumda Premyer-ligadan tushib ketganidan keyin ilk bor Angliya elitasiga qaytdi.
Ushbu natija «Manchester Yunayted» uchun tarixiy salbiy ko‘rsatkich bo‘ldi. Mankunianliklar Premyer-liga tarixida ilk bor «Hall»ga mag‘lub bo‘ldi. Bungacha jamoalar o‘rtasidagi APL bahslarida «MYU» 8 marta g‘alaba qozongan va yana 2 uchrashuv durang bilan yakunlangan.
Shuningdek, «Manchester Yunayted» o‘z tarixida ilk marta mavsumning start uchrashuvida Premyer-ligaga yangi chiqqan jamoaga mag‘lub bo‘ldi.













