«Real» bosh murabbiyi Joze Mourinyu Madriddagi La-Finka hududiga yana ko‘chib o‘tdi. Portugaliyalik mutaxassis «Qirollik klubi»dagi birinchi faoliyati davrida — 2010-2013 yillarda yashagan uyini yana ijaraga oldi. Bu haqda Mundo Deportivo xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, uyning umumiy maydoni qariyb 1400 kvadrat metrni tashkil etadi va u 5000 kvadrat metrdan ortiq hududda joylashgan. Uyning oylik ijara haqi taxminan 20 ming yevroni tashkil qiladi.
Qayd etilishicha, uy keng xonalar, baland shiftlar va tabiiy yorug‘likni yaxshi ta’minlaydigan katta derazalarga ega. Ichki dizayn turli funksional hududlarga ajratilgan bo‘lib, sokin va qulay muhit yaratilgan. Bu doimiy ravishda jamoatchilik va OAV e’tiborida bo‘ladigan mutaxassis uchun muhim omillardan biri hisoblanadi.
Hovlida ko‘kalamzor hududlar, dam olish joylari va katta basseyn mavjud. Uyning ichki va tashqi qismlari yagona yashash hududi sifatida loyihalashtirilgan.
Mourinyuning aynan La-Finkani tanlashida maxfiylik asosiy omillardan biri bo‘lgan. Hududdagi ko‘chalar umumiy foydalanish uchun ochiq emas. U yerga faqat yashovchilar va maxsus ruxsatga ega xodimlar kirishi mumkin.
Mourinyu «Real»dagi birinchi uch yillik faoliyati davomida mazkur uy ijarasi uchun jami taxminan 720 ming yevro sarflagan.













