Madridning "Atletiko" klubi darvozaboni Yan Oblak jamoadoshi Xulian Alvares bilan bog‘liq vaziyat haqida fikr bildirdi.
"Matraschilar" muxlislari "Vilyarreal"ga qarshi o‘yin oldidan argentinalik hujumchini hushtakbozlik bilan qarshi oldi — bunga futbolchining klubni tark etish istagini ochiq bildirgani sabab bo‘ldi. Ma’lumki, Alvares faoliyatini "Barselona"da davom ettirishni istaydi, ammo "Atletiko" rahbariyati uni kataloniyaliklarga sotishdan bosh tortmoqda.
"Biz birdam bo‘lib qolishimiz kerak. Xulian biz bilan qolmoqda va u shu yerda ekan, biz uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu hech kim uchun qulay vaziyat emas. Umid qilamanki, hammasi hal bo‘ladi va butun mavsum davomida birdam bo‘lamiz", — deya Oblakning so‘zlarini keltiradi The Touchline.
"Atletiko" va "Vilyarreal" o‘rtasidagi uchrashuv 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Alvares 66-daqiqada zaxiradan maydonga tushdi.













