«Liverpul» Angliya Premyer-ligasining yangi mavsumidagi ilk uchrashuvda «Nyukasl»ga qarshi mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Mersisaydliklar so‘nggi daqiqada penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi va Dominik Soboslai imkoniyatdan unumli foydalanib, jamoasiga durang keltirdi.
Shu tariqa, «Liverpul»ning APLda mavsumning dastlabki uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasi 14 taga yetdi.
«Qizillar» Angliya chempionatining ilk turida so‘nggi marta 2012 yilda mag‘lubiyatga uchragan. O‘shanda «Liverpul» safarda «Vest Bromvich»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Mersisaydliklar o‘sha mavsumni ham muvaffaqiyatli o‘tkaza olmagan va Angliya Premyer-ligasi turnir jadvalida yettinchi o‘rinni egallagan.
«Liverpul» chempionatning navbatdagi turida «Nottingem Forest»ga qarshi maydonga tushadi.













