"Fiorentina" hujumchisi Moyze Kin "Komo"ga o‘tishni istayotgani sababli klubdan uni transferga qo‘yishni so‘radi. Bu haqda jurnalist Janluka Di Marsio xabar berdi.
26 yoshli italiyalik hujumchi "Fiorentina" rahbariyatiga Fransesk Fabregas boshchiligidagi "Komo" safiga qo‘shilish istagini bildirgan. "Komo" ham futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Kutilmagan holat yuz bermasa, transfer amalga oshishi kutilmoqda. Buning uchun "Komo" o‘z taklifi bilan "Fiorentina"ning moliyaviy talablarini qondirishi, florensiyaliklar esa italiyalik hujumchiga munosib o‘rinbosar topishi kerak.
Insayder Matteo Morettoning yozishicha, "Komo" va Moyze Kin o‘rtasida transfer bo‘yicha allaqachon kelishuv mavjud. "Fiorentina" ham forvardni qo‘yib yuborishga tayyor.
Avvalroq "Komo" Kin uchun 40 million yevro miqdorida yangi taklif tayyorlayotgani xabar qilingandi.
Bunga qadar "Fiorentina" "Komo"ning futbolchini 5 million yevro evaziga ijaraga olish va keyinchalik 25 million yevroga majburiy sotib olish bo‘yicha taklifini rad etgan edi.
O‘tgan mavsumda 26 yoshli forvard 33 ta uchrashuvda maydonga tushib, 9 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.













