UFC 330 turnirida Yen Gerrini mag‘lub etgan Islam Maxachev jang kutganidan murakkabroq kechganini tan oldi. 34 yoshli amaldagi chempionning aytishicha, irlandiyalik raqibning uslubi unga muayyan qiyinchiliklar tug‘dirgan.
Maxachev uchun birinchi navbatda natija muhim bo‘lgan. Shu bilan birga, u oktagondagi vazifani nisbatan osonroq hal qilishni rejalashtirganini yashirmadi.
"Eng muhimi — g‘alaba. Jang biroz osonroq kechadi, deb o‘ylagandim. Lekin raqiblar ham tayyorgarlik ko‘rmoqda va har safar kuchliroq bo‘lib boryapti. Demak, men ham janglarni osonroq o‘tkazish uchun yanada ko‘proq ishlashim kerak", — dedi Maxachev.
Chempion Gerrining jismoniy xususiyatlari va harakatlanish uslubi unga yaqin masofaga kirishni qiyinlashtirganini ta’kidladi. Ayniqsa, irlandiyalikning uzun qo‘l va oyoqlari Maxachevni boshqacha taktika qo‘llashga majbur qilgan.
"Uning uslubi juda noqulay. Unga yaqinlashish qiyin. Ochiq qolgan asosiy nuqta oldingi oyog‘i edi. Men shu imkoniyatdan foydalanib, teykdaunlarga kirdim", — deya tushuntirdi u.
Maxachevning fikricha, Gerri asosan orqaga chekinib harakat qilgani sabab jangni tomoshabop tarzda olib borish oson bo‘lmagan. Shu bois rossiyalik sportchi ortiqcha tavakkal qilmasdan, o‘z rejasiga sodiq qolgan va bahsni hakamlar qarorigacha yetkazgan.
"Jang og‘ir kechdi, ammo nimadir rejadagidek bo‘lmadi, deb aytmayman. Hammasi nazoratda edi. Vaziyat shunday bo‘ldiki, shoshilmasdan jangni hakamlar qarorigacha olib borish kerak bo‘ldi", — dedi Maxachev.













