«Andijon» bosh murabbiyi Islom Ahmedov Superliganing 19-turidan o‘rin olgan «Xorazm»ga qarshi uchrashuvdan (1:0) keyingi matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
«Bugungi g‘alaba bilan barcha andijonlik muxlislarimizni chin qalbimizdan tabriklaymiz. O‘yinga kelsak, bahs oson kechmadi. Bundan keyin ham barcha jamoalar yetarlicha qarshilik ko‘rsatadi. Hozir oson uchrashuvning o‘zi yo‘q.
Bu nimadan dalolat beradi? Barcha klublar kuchayib bormoqda. Shuning uchun bu o‘yin oson bo‘lmasligini oldindan bilardik va futbolchilarga ham tushuntirdik. Yigitlarga rahmat, ular muvozanatni yo‘qotmasdan oxirigacha hujumkor o‘ynashga harakat qilishdi.
Himoyalanayotgan jamoaga gol urish juda qiyin. Biz qanotlarni almashtirdik va yakunda raqib darvozasiga yo‘l topa oldik».
— Jamoa «Neftchi»ga qarshi yaxshi o‘ynagandi. Ammo so‘nggi ikki turda kreativlik yetishmayotgandek. Raqibga qarab o‘ynayotgandek taassurot uyg‘onyapti: kuchlilarga qarshi kuchliroq, o‘rta darajadagi jamoalarga qarshi esa shunga yarasha...
«Men bunday demagan bo‘lardim. Chunki hozir aytganimdek, kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q. «Xorazm»ning o‘yinlarini ham tahlil qildik, ular juda yaxshi futbol ko‘rsatishgan. Shuning uchun ularni kuchsiz deb hisoblamayman.
Himoyalanayotgan jamoaga qarshi o‘ynash qiyinroq. Ochiq va hujumkor futbol ko‘rsatadigan klublarga qarshi bizda vaziyatlar ko‘proq paydo bo‘ladi. Chunki ular oldinga chiqqanda orqada bo‘sh hududlar qoladi. Himoyaviy o‘ynaydigan jamoalarning mudofaasini yorib o‘tish esa biroz qiyin kechyapti».
— «Xorazm» birinchi daqiqadan besh nafar himoyachi bilan o‘ynadi. Har bir jamoada A va B rejalari bo‘ladi. Ikkinchi bo‘lim boshidanoq ikki hujumchi bilan o‘ynash mumkin emasmidi?
«Bu rejamizda bor edi. Ammo o‘yinni boshidanoq keskin o‘zgartirib yuborsak, kutilganidek chiqmasligi mumkin edi. Chunki markazni raqibga berib qo‘yish xavfi bor edi. Bunday holatda to‘p nazoratini ham yo‘qotishimiz mumkin.
Agar gol ura olmaganimizda, yana bir hujumchini maydonga tushirish rejamizda bor edi».
— Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilardan ko‘nglingiz to‘lgan bo‘lsa kerak. Cheran, Sulaymonov, Boake kabi o‘yinchilar ham g‘alabaga hissa qo‘shishdi...
«Albatta, zaxiradan tushgan futbolchilar o‘yinimizni yanada kuchaytirishdi. Ulardan ko‘nglimiz to‘ldi va g‘alabaga katta hissa qo‘shishdi».
— Shohmalik Komilov zaxirada qolyapti. Buning sababi nimada?
«Shohmalik juda iqtidorli futbolchi. Unga albatta imkoniyat bo‘ladi. Ochig‘ini aytsam, bizda markazda raqobat juda kuchli. Shohmalik mashg‘ulotlarda o‘zini yaxshi ko‘rsatyapti. Albatta, unga ham imkoniyat beramiz».
— «Andijon» U-21 jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarda asosiy jamoa murabbiylar shtabini ko‘p ko‘rmaymiz...
«O‘yinlar doim YouTube orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatiladi va biz ularni kuzatib boramiz. Bundan tashqari, uchrashuvdan keyin shaxsan o‘zim o‘yinni yana bir bor ko‘rib chiqaman.
Murabbiylar bilan bu borada maslahatlashamiz, fikr almashamiz. Yoshlar jamoasi nazoratsiz qolgan emas. Ularning o‘yinlarini muntazam tahlil qilib boramiz.
Faqat asosiy jamoaning o‘yindan bir kun oldingi mashg‘uloti ko‘pincha U-21 o‘yini vaqtiga to‘g‘ri kelib qoladi. Shu sababli stadionga bora olmayapmiz. Ammo albatta, bunga ham vaqt topamiz».
— Muhammadkarim Toyirov qaydnomada ko‘rinmadi...
«U kechagi mashg‘ulotda mikro jarohat oldi. Xudo xohlasa, «Paxtakor»ga qarshi o‘yinga qadar safga qaytishiga umid qilamiz», — dedi Islom Ahmedov.













