"Barselona" prezidenti Joan Laporta "Atletiko" hujumchisi Xulian Alvares transferi hali ham amalga oshishiga umid qilmoqda.
"Ko‘rinishidan, futbolchining o‘zi "Barselona"ga o‘tishni xohlayapti. Biz umidimizni saqlab qolyapmiz va "Atletiko"ga bo‘lgan hurmatimizni saqlagan holda, uni o‘z safimizga qo‘shib olish rejasidan voz kechganimiz yo‘q.
Biz "Atletiko" bilan kelishuvga erishishni istaymiz, shu bois klubga bergan taklifimiz o‘z kuchida qolmoqda. Umid qilamanki, ikki tomon o‘zaro kelisha oladi. Yana bir bor ta’kidlayman: biz bu ishni "Atletiko", uning rahbariyati va klubning o‘ziga katta hurmat bilan amalga oshiryapmiz.
Biz "Atletiko"ga Xulian uchun jiddiy taklif berdik. Bosh murabbiyimiz Xansi Flik uni jamoada ko‘rishni juda xohlaydi. Bu taklifni Madrid klubi bosh direktori bilan telefon orqali suhbatda ham tasdiqladik.
U menga Xulianni sotmasliklarini aytdi, chunki hozircha uning o‘rnini bosadigan futbolchi yo‘q. Men esa agar ular shunday futbolchi topsa va transfer oynasi hali ochiq bo‘lsa, biz kelishuvga erishishga tayyor bo‘lishimizni aytdim. Masala shu yerda to‘xtagan edi. Ammo keyinchalik boshqa klublar bilan muzokaralar baribir olib borilayotgani haqida ma’lumotlar oldik", — dedi Laporta. Uning so‘zlarini ESPN keltirdi.
26 yoshli argentinalik futbolchining "Atletiko" bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali uning bozor qiymatini 100 million yevroga baholamoqda.













