Dog‘istonlik MMA jangchisi Islom Maxachev 15-avgust, shanba kuni irlandiyalik Yan Gerrini mag‘lubiyatga uchratib, UFCning yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik kamarini himoya qilgan edi. 34 yoshli sportchi uchun bu ushbu vazndagi ikkinchi jang bo‘ldi (u kamarni Jek Della Maddalenaga qarshi bahsda qo‘lga kiritgandi).
UFC tarixida ikki xil vazn toifasida chempion bo‘lgan ilk rossiyalik jangchi sanalgan Maxachev ushbu g‘alabasi bilan yana bir o‘ziga xos natija qayd etdi — u ketma-ket 17 ta jangda zafar quchib, afsonaviy Anderson Silvaning ko‘p yillik rekordini (16 ta jang) yangiladi. Xo‘sh, ushbu tarixiy natijalar ortidan sportchi qancha mablag‘ ishlab topdi?
Faoliyat davomidagi umumiy daromad
Give me Sport va Marca nashrlari tahliliga ko‘ra, Islomning faoliyati davomida ishlab topgan umumiy daromadi qariyb 17,5 million dollarni tashkil etadi. Barcha to‘lovlar, gonorar va pullik translyasiyalardan (PPV) tushgan bonuslarni qo‘shib hisoblaganda, u bugungi kunda UFC tarixidagi eng ko‘p daromad topgan 10 ta jangchi qatoriga kirgan (bu borada peshqadam 39,3 mln dollar bilan Konor Makgregor hisoblanadi). 2025-yil holatiga ko‘ra Maxachevning sof boyligi 5–7 million dollar atrofida baholanmoqda.
Maxachevning daromadlari ayniqsa so‘nggi yillarda, chempionlik maqomiga erishgach keskin oshdi. Sporty Salaries nashrining xabar berishicha, Yan Gerri bilan so‘nggi jang uchun uning kafolatlangan gonorari 1 million dollarni tashkil etgan. PPV foizlari va bonuslar hisobiga bu summa 3 million dollardan oshadi.
Bunga qadar u yarim o‘rta vaznda Jek Della Maddalenaga qarshi kechgan bahsda 3,32 million dollar (800 ming kafolatlangan, 2,5 mln PPV va 32 ming homiylik pullari) ishlab topgandi.
Faoliyatidagi eng yirik gonorarni esa 2025-yilning yanvar oyida qo‘lga kiritgan. O‘shanda u jarohat olgan Arman Sarukyanning o‘rniga oktagonga chiqqan braziliyalik Renato Moykanoni mag‘lub etib, 3,64 million dollar daromad ko‘rgan.













