«Sautgempton» darvozaboni Gevin Bazunu «Bolton» futbolchisiga aylanishi kutilmoqda. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs xabar berdi.
Tomonlar 24 yoshli irlandiyalik golkiperning to‘liq transferi bo‘yicha ish olib bormoqda. Kelishuv yaqin vaqt ichida yakunlanishi kutilmoqda.
Klublar o‘rtasidagi bitim tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan.
Bazunu 2022 yilda «Manchester Siti»dan 14 million yevro evaziga «Sautgempton»ga o‘tgan edi.
Irlandiyalik darvozabon «Sautgempton» safida 97 ta uchrashuv o‘tkazib, 133 ta gol o‘tkazib yubordi va 19 ta o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqladi.
U o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini «Stok Siti»da ijara asosida o‘tkazdi.













