«Chelsi» Circle Internet Group kompaniyasi bilan yangi titul homiylik hamkorligini e’lon qildi. Kelishuv doirasida Circle va uning USDC brendi 2026/27 yilgi mavsumda klubning erkaklar, ayollar va akademiya jamoalari liboslarining old qismida joylashadi.
Yangi homiy logotipi «Chelsi» erkaklar jamoasining Premyer-ligadagi ilk uy uchrashuvida — «Brayton»ga qarshi bahsda birinchi marta rasman namoyish etiladi.
Circle Internet Group raqamli moliya va blokcheyn infratuzilmasi sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya USDC steyblkoinini boshqaradi va o‘z platformasi orqali xalqaro to‘lovlar hamda raqamli aktivlar bilan bog‘liq xizmatlarni taklif etadi.
«Chelsi» 2023 yildan beri doimiy uzoq muddatli asosiy libos homiysini topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan edi. Circle bilan kelishuv bu boradagi uzoq davom etgan izlanishlarga yakun yasadi.













