«Manchester Yunayted» Madridning «Atletiko» klubi hujumchisi Aleksandr Syorlotni o‘z safiga qo‘shib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Caught Offside ma’lumotiga ko‘ra, norvegiyalik futbolchining vakillari ehtimoliy bitimga qiziqish darajasini bilish maqsadida Angliya klubi bilan aloqaga chiqqan. Transfer qiymati taxminan 30 million funt sterling, ya’ni 35 million yevro atrofida baholanmoqda.
30 yoshli Syorlot Madridni tark etishga shoshilayotgani yo‘q, ammo munosib taklif tushsa, faoliyatini boshqa klubda davom ettirish variantini ko‘rib chiqishga tayyor. «Manchester Yunayted»dan tashqari, futbolchiga «Nyukasl Yunayted» va «Yuventus» ham qiziqish bildirmoqda.
«Manchester Yunayted» rahbariyati hozircha yakuniy qaror qabul qilgani yo‘q, biroq transfer oynasi yopilguniga qadar hujum chizig‘ini kuchaytirish ehtimolini istisno etmayapti. Syorlot Benyamin Sheshko uchun rotasiyadagi variant va qo‘shimcha hujumchi sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin.
Ehtimoliy transfer yo‘lidagi asosiy to‘siq — narx. «Manchester Yunayted» 35 million yevro to‘lashga tayyor ekaniga ishonch hosil qilmagan, shu bois klub ijara variantini ham muhokama qilishi mumkin.
Ko‘p narsa Joshua Zirkzeening kelajagiga bog‘liq bo‘ladi. Agar niderlandiyalik hujumchi «MYU»ni tark etib, klubga katta miqdorda mablag‘ olib kelsa, ushbu pulning bir qismi Syorlot transferi uchun yo‘naltirilishi mumkin.













