«Manchester Yunayted» va «Real»ning sobiq hujumchisi Chicharito shaxsiy hayotidagi og‘ir vaziyat haqida ochiq gapirdi. Meksikalik futbolchining aytishicha, model Sara Koxan bilan ajrashganidan keyin ham u sobiq rafiqasining «juda hashamatli hayoti» uchun katta mablag‘ sarflashda davom etmoqda.
Chicharito 2020 yilda Sara Koxan bilan ajrashganidan keyin uning zimmasida millionlab miqdordagi qarzlar qolganini ta’kidladi. Futbolchi sobiq oilasi oldidagi majburiyatlarini hali ham bajarayotganini aytdi.
TMZ Sports avvalroq Koxan aliment sifatida oyiga 73 ming funt sterling talab qilgani haqida xabar bergan edi.
«Farzandlarim men bilan yashamaydi va ularni kun davomida ko‘rish imkonim yo‘q. Ular bilan telefon orqali gaplashaman. Ish bilan band bo‘lgan paytlarimda esa ba’zan videoqo‘ng‘iroq orqali ham bog‘lana olmayman», — dedi Chicharito La Mesa Caliente dasturida.
Sobiq «Real» hujumchisi uchun eng og‘ir jihatlardan biri aynan farzandlari bilan doimiy birga bo‘la olmaslik ekanini ta’kidladi.













